​Toshkentda «Tramadol» va «Lirika» savdosi. Vaziyat keskinlashmoqda


Toshkentda yashovchi fuqarolardan Kun.uz tahririyatiga dorixona va ko'chalarda psixotrop (aslida kuchli og'riq qoldiruvchi) dori vositalarining noqonuniy oldi-sotdisi avj olib ketganligi haqida murojaatlar kelib tushdi. Xat mualliflari tabletka giyohvandligiga chalinganlar orasida yoshlar va o'smirlar soni kun sayin ko'payib borayotganligi, bu dorilar kuppa-kunduzi ochiq joylarda erkin sotilayotgani haqida bayon qilgan. Ushbu vaziyat yuzasidan Kun.uz tahririyati jurnalistik surishtiruv olib borgan

Masalaga oydinlik kiritish maqsadida, murojaatda ta`kidlangan Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi «Shuhrat» nomi bilan tanilgan, «Qatortol» va «Kichik Halqa yo'li» kesishgan chorrahaga bordik. Yo'lning Chilonzor metro stansiyasi tomon ketgan chetida, quyoshdan pana joyga yig'ilib turgan to'rt-besh nafar erkak-ayoldan iborat guruhlarga ko'zimiz tushdi. Ular «tabletka giyohvandlari»ning hojatini chiqarishar, mashinada kelgan xaridorlarning mashinadan tushishiga ham zarurat qoldirishmasdi. Shunday qilib, «tabletkafurush»larning faoliyatiga to'sqinlik qiluvchi kishining o'zi yo'qligiga iqror bo'ldik.

Ular shifokor tavsiyaga ko'ra, bemorlarga beriladigan kuchli og'riq qoldiruvchi analgetiklar - «tramadol»ning bir qutisini 15 ming so'mdan, «lirika»ni esa 20 ming so'mdan pullashmoqda. Go'yoki, dori uchun kelgan kishi bo'lib, «tabletkafurush»lar bilan suhbatga qilishga harakat qildik. E`tirof etishlaricha, bunday dorilarni pullayotganlar kuniga 200 ming so'mdan 1 million so'mgacha daromad qiladi, lekin bozor har kuni bir xil bo'lavermaydi.

«Tramadol» va «Lirika» qanday dori vositalari?

«Tramadol dori vositasi – «narkotik analgetik» deb ataladi. O'z tarkibida «opiy» guruhiga mansub bo'lgan narkotiklarni saqlaydi va albatta tibbiy maqsadda qo'llanishi lozim bo'lgan dori vositasi hisoblanadi. «Lirika» – (Pregabalin) – tutqanoqqa qarshi vosita, gamma-aminomoy kislotasi hosilasi. Pregabalin og'riq qoldirish xususiyatiga ham ega, shuning uchun bu dori nevralgiyaga chalingan bemorlarga buyuriladi.

Oliy toifali shifokor narkolog Furqat Bahromovning so'zlariga ko'ra, bu dorilar shifokor nazoratisiz, o'zboshimchalik bilan iste`mol qilinsa, o'ziga nisbatan qaramlikni keltirib chiqaradi va ularni iste`mol qilganlar passiv giyohvandga aylanadi. Ular ham ruhan, ham jismonan tanani bardam his qilish uchun shunday dorilarni muntazam ravishda iste`mol qilishga majbur bo'ladi. Eng yomoni, dastlab bir sutkada bitta tabletka iste`mol qilgan shaxs, keyinchalik o'n-o'n beshta, ma`lum muddatdan so'ng elliktagacha dori iste`mol qilish darajasiga yetib boradi. Natijada inson organizmi va ruhiyatida kuchli o'zgarishlar yuz beradi, qolaversa, bunday psixotrop moddalar me`yoridan ortiq iste`mol qilinsa, bepushtlikka ham olib boradi.

«Qaramlikning ham ikki turi mavjud: jismoniy va ruhiy. Jismoniy qaramlikda tabletka qabul qilmagan paytda bo'g'imlarda og'riq turadi, ishtaha yo'qolishi, ko'ngil aynishi, surunkali ich ketish, yurak og'rig'i kuzatiladi. Ruhiy qaramlikda esa tabletka iste`mol qilmagan paytda uyqusizlik, qo'zg'aluvchanlik, jahldorlik, agressivlik, qo'li ishga bormaslik holatlari avj oladi», – deydi Furqat Bahromov.

Bu «tabletkafurush»lar kim?

«Shuhrat» chorrahasi Chilonzor tumanidagi aholi eng gavjum bo'ladigan joylaridan biri hisoblanadi. Uning tevaragida 4ta universitet, 2 ta maktab va 3ta bog'cha joylashgan. Kollej va institut talabalari bu yerdagi dorifurushlarning doimiy xaridoriga aylanishgan. Ular orasida maktab o'quvchilariga ham ko'zingiz tushadi. Albatta, dorini qidirib, Toshkentning boshqa tumanlaridan ham yosh yigitlar kelmoqda.

Bu chorraha ilgari o'zining «tungi kapalak»lari bilan mashhur bo'lgandi. IIBning qattiq nazorati sababli vaziyat birmuncha yumshadi, IIB nazorat punkti kun-u tun faoliyat olib bormoqda. «Kapalak»lar masalasiga nuqta qo'yilmagan bo'lsa-da, uning chorrahadan nari ketgani kuzatiladi. Toshkent shahri bo'yicha yagona «o'g'ri bozor» ham shu chorrahada joylashgan. Xullas, «Shuhrat»da o'g'irlangan telefon savdosi yoki fohishalik bilan shug'ullanib bir zumda ichki ishlar xodimining «qo'li»ga tushish mumkin.

Dori savdosida esa jinoiy javobgarlik yo'q, sotuvchilar hatto inson huquqlaridan so'z ochib, ichki ishlar xodimlari bilan «qaysi qonunda taqiqlangan?», deb tortishadi. Dori savdosi bilan alohida litsenziyaga ega, oliy ma`lumotli shaxslar shug'ullanishi haqidagi talab esa o'lda-jo'lda qolib ketgan. Muammo chiqadigan bo'lsa, sal narida mashinada o'tirgan «akaxon»lar kelib, gapga aralashadi. Aytgancha, ko'chada dori sotib turgan sattang ayolning ko'rinmas qo'riqchilari bor. Shu tufayli, ularga jurnalist ekanimizni aytishdan ham xavfsiradik.

«Ular shu darajada hech narsadan qo'rqmaydigan bo'lib ketishganki, o'n olti yoshli farzandimni nonga chiqarsam, uni to'xtatib dori taklif qilishibdi, «senga arzon qilib beramiz, tatib ko'r», deyishibdi. Ular o'zlari bilan pichoq va elektroshoker olib yurishadi. Bu nimasi? Endi bolalarimizni nonga ham chiqara olmaymizmi?», deydi ko'cha yoqasida joylashgan 10-uy xonadon egasi.

«Har kuni uyimiz oldida ikki-uchtasi cho'zilib yotadi. Ular hali o'n gulidan bir guli ham ochilmagan bolalar-ku. Ularni ko'rib ichim achishadi, men ham axir onaman. Militsiya xodimlari har kuni shu yerda. Kuniga bu sotuvchilardan o'n-o'n beshtasini ushlab olib ketishadi, bir soat o'tmay jarimasini to'lab chiqib yana sotishyapti. Psixotrop dori sotayotganlarni jinoiy javobgarlikka tortadigan qonun qabul qilinmasa, kelajak avlod xavf ostida qoladi», deydi mahalla faoli.

Biz bu borada izoh olish uchun Chilonzor tumani IIBga murojaat qildik. Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati «bu dori vositalarini sotayotganlarga nisbatan hech qanday qonuniy chora» ko'ra olmasliklarini aytishdi. «Bu bizning vakolatimizga kirmaydi», degan javob bilan ichki ishlar xodimi gapni qisqa qildi.

Bu kimning vakolatiga kiradi?

«Narkotik moddalar ustidan nazorat qilish bo'yicha O'zbekiston Respublikasi davlat komissiyasi tomonidan ishchi guruh tuzilgan bo'lib, uning zimmasiga «Tramal» (Bu dorilar Yevropada shu nom bilan mashhur bo'lgan) dori vositasi ustidan nazoratni kuchaytirish vazifasi yuklatilgan. Huquqni himoya qilish organlari, sud kimyo laboratoriyalari, Sog'liqni saqlash vazirligi mutaxassislari ishtirokida «Tramal» dori vositasini giyohvandlik vositalari ro'yxatiga kiritish bo'yicha taklif tayyorlandi. Hozirda bu taklif tegishli idoralar tomonidan belgilangan tartibda ko'rib chiqilmoqda. Yaqin kunlarda “Tramal” dori vositasi ushbu ro'yxatga kiritiladi deb o'ylayman», – deydi Sog'liqni saqlash vazirligi Narkotiklar nazorati qo'mitasi raisi Ismoiljon Azizov.

Uning ta`kidlashicha, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, prekursorlar bo'yicha ehtiyojni aniqlash tartibi mavjud va bu kabi dorilar shu ehtiyoj doirasidagina respublikaga olib kiriladi. «Tramal» dori vositasi ro'yxatga kiritilmagan, lekin preparatning ehtiyoj miqdori belgilanadi. «Lirika» dori vositasi esa 2014 yildan buyon O'zbekiston Respublikasiga qonuniy tarafdan bir dona ham kiritilmagan. Uning qaysi yo'llar bilan kirib kelayotgani rasman ma`lum emas.

Ismi sir qolish sharti bilan Kun.uz muxbiriga ma`lumot bergan manbaning ta`kidlashicha, «Lirika»ning O'zbekistonga kirib kelishi katta biznes piramidasi ustida amalga oshirilgan. Masalan, Toshkent shahri va Farg'ona vodiysi bo'ylab tarqatilayotgan «Lirika»ni yetkazib beruvchilar, dorilarni Turkiyadan O'zbekistonga Qozog'iston va Qirg'iziston bilan tutash chegara hududidagi aylanma yo'llar orqali olib kirishadi. Bu borada Davlat bojxona qo'mitasi va DXX Chegara qo'shinlari​ munosabati qanday bo'ladi? 2014 yildan buyon rasman O'zbekistonga olib kirilmagan dorining Chilonzor tumanida bozori paydo bo'lgani kimnidir o'ylantiradimi?

Statistik ma`lumotlarga ko'ra, 2017 yilda Toshkent shahri bo'yicha umumiy giyohvandlikning 67,6 foizini «tabletka giyohvandligi» tashkil qilgan. Xo'sh, bu ko'rsatkich shu darajaga yetib kelishiga kim aybdor? Mazkur dori vositalarini respublikamiz hududiga kimlar va qay yo'llar bilan olib kirmoqda? Yosh avlodni zaharlayotgan «oshig'i olchi» sotuvchilarga nisbatan keskin choralar ko'rish vaqti yetib kelmadimikan? Mana shunday og'riqli savollarni ko'plab berish mumkin. Ammo asosiysi, bu savollarga javob topish va jamiyatni halokat sari yetaklaydigan mazkur illatga qarshi tezroq chora ko'rishdir.

Boshqa yangiliklar