Oʻzbekiston 2030 yilgacha Global innovatsion indeks reytingida kuchli 50 talikka kirmoqchi


Oʻzbekiston Respublikasi 2030 yilga kelib, Global innovatsion indeks reytingi boʻyicha jahonning 50 ilgʻor mamlakati qatoriga kirishni koʻzlamoqda, bu haqda Turon24 xabar bergan. Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21 sentyabr kuni 2019-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisidagi farmonni imzoladi.

Unga koʻra, 2019-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasi va Oʻzbekistonni 2030 yilgacha innovatsion rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari tasdiqlandi. Mamlakatning xalqaro maydondagi raqobatbardoshliligi darajasini va innovatsion jihatdan taraqqiy etganini belgilovchi asosiy omil sifatida inson kapitalini rivojlantirish Strategiyaning bosh maqsadi etib belgilandi.

Bosh maqsadga erishishda Strategiyaning asosiy vazifalaridan biri Oʻzbekistonni 2030 yilga borib, Global innovatsion indeks reytingi boʻyicha jahonning 50 ilgʻor mamlakati qatoriga kiritishdan iborat. Shuningdek, barcha darajada taʼlim sifati va qamrovini oshirish, uzluksiz taʼlim tizimini rivojlantirish kadrlar tayyorlash tizimining iqtisodiyot ehtiyojlariga moslashuvchanligini taʼminlaydi.

2019-2021 yillarda Oʻzbekistonni innovatsion rivojlantirish strategiyasini oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish boʻyicha komissiya ham tuzildi. Unga Bosh vazir Abdulla Aripov masʼul etib belgilandi.

Komissiya strategiyani amalga oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari sifatli ishlab chiqilishini nazoratqiladi. Ushbu farmon ijrosining borishi toʻgʻrisidagi batafsil axborotni har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritib boradi.

Global innovatsion reyting mamlakatlarning innovatsion rivojlanishi va muvaffaqiyatlarini hisoblab boradi. Soʻnggi yillarda nufuzli va obroʻli xalqaro tuzilmalar tomonidan tuziladigan Global innovatsion indeks reytingida Oʻzbekiston ishtirok etmayapti.

Boshqa yangiliklar