Eron zilzila talafotlarini hisoblab chiqdi. Tezkor-qutqaruv guruhi ishi yakunladi


12 noyabr kuni Eronda kuzatilgan kuchli yer qimirlashida eng kamida 450 kishi halok bo‘lgan. Bu haqda qutqaruv amaliyotini yakunlagan guruh ma’lumotiga tayangan holda Reuters xabar berdi, deb yozadi “Kun”.

Mamlakat televideniyesi namoyish etgan lavhada halokatdan omon qolganlar toza ichimlik suvi, ovqat va tibbiy dori-darmonlarsiz bir kechani tunab o‘tkazdi. Minglab kishilar boshpanasiz qoldi.

Voqea yuz bergan Kirmonshoh shahriga Eron prezidenti Hasan Ruhoniy yetib kelgan. Kirmonshoh shahri yaqinida yuz bergan zilzila, yaqin atrofdagi 14 provinsiyada ham sezilgan. Hali-hanuz davom etayotgan aftershok (zilziladan so‘ng qayta silkinish) holati 193 marta kuzatildi.

“Kirmonshoh shahridagi tezkor-qutqaruv amaliyoti yakunlandi”, deb xabar berdi mamlakat Tez tibbiy yordam xizmati rahbari Pir-Husayn Kolivand.

“Biz endi omon qolganlar haqida qayg'urishimiz lozim. Ular ovqat va boshpanaga muhtoj”, deydi hokim Qasri Shirin Faramarz Akbariy.

Rasmiy xabarlarga ko‘ra, zilzila yuz bergan hududda 30 000 ga yaqin uy-joy ziyon ko‘rgan.

Boshqa yangiliklar