“Yangiobod” bozori Bektemir tumaniga ko‘chiriladi


Toshkent shahrida joylashgan ishlatilgan buyumlar savdosiga ixtisoslashtirilgan “Yangiobod” bozori ikki oylik muddat davomida Bektemir tumaniga ko‘chiriladi. Bu haqda Daryo xabar bermoqda.


Bozor maydonida “Yashnobod” innovatsiya texnoparkining ishlab chiqarish maydoni barpo etiladi. Bu Vazirlar Mahkamasining 2-sentabrdagi Yashnobod tumanini kompleks rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorida ko‘zda tutilgan.

7,5 gektarlik maydonda mahalliy va xalqaro mutaxassislarning innovatsion loyiha bo‘la oladigan ilmiy ishlanmalarining ishlab chiqarilishini yo‘lga qo‘yish maqsadida texnopark rezidentlariga yer ajratish mo‘ljallanmoqda.

Hozirgi kunda “Yashnobod” innovatsiya texnoparki direksiyasining faoliyati tashkil qilingan va rezidentlik maqomini olish uchun arizalar qabul qilish yo‘lga qo‘yilgan. Texnopark rezidenti maqomiga ega bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslar bir qancha imtiyozlarga, shu jumladan, o‘n yil muddatgacha soliqlardan ozod bo‘lish, 7 foiz stavka bo‘yicha ikki yillik imtiyozli davr bilan kredit olish va texnopark hududida ishlab chiqarish maydonlariga ega bo‘lishi mumkin.

Boshqa yangiliklar