Siyosiy ekspert: Shavkat Miromonovich barchaga xush keldi


O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh assambleyasi 72-sessiyasida so‘zga chiqishi uning yuqori siyosiy salohiyatga ega ekanligini ko‘rsatdi.

Igor Nikolaychuk, maxsus mediametrik tadqiqotlar markazi yetakchi tahlilchisi

Nyu-Yorkdagi Ist-River ko‘chasida joylashgan BMT qarorgohining hashamatli binosida Shavkat Mirziyoyevning chiqishini diplomatlar, xalqaro siyosiy ekspertlar, jurnalistlar katta qiziqish bilan kutishgan edi. Axir bu Mirziyoyevning, katta mamlakat prezidenti sifatida, bunday yuqori darajali forumlarda birinchi chiqishidir. Mutaxassislar uchun esa, bu yangi siyosiy yetakchini birinchi ko‘rish, u bilan tanishish, va bir qarashda bo‘lsada, uning salohiyati, rejalari va maqsadlari bilan tanishish imkoniyati edi.

Ushbu chiqishdan o‘zimning “tezkor taassurotlarim” bilan o‘rtoqlashmoqchiman, garchi ular biroz noxolis ko‘rinsa-da. Kerak bo‘lsa hayotning o‘zi ushbu subyektiv baholarimni to‘g‘rilaydi. Asosiy tomonlarni aytib o‘taman.

To‘ldirilgan qo‘lyozma

O‘tgan yili, O‘zbekistonda hukumat almashish vaqtida, Bosh assambleyada O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov nutq so‘zlagan edi. Uning ma’ruzasini prezidentning bugungi nutqining qo‘lyozmasi, deb hisoblash mumkin. Bu albatta ijobiy holatdir. Siyosatda u tomondan bu tomonga og‘ish hech kimga kerak emas. O‘tgan yili eshittirilgan ko‘plab tezislarni, Mirziyoyev takroran aytdi. Masalan, mamlakatning iqtisodiy yutuqlari haqidagi fikrlar. Lekin ma’ruzaning diplomatik qismidagi farqlar darrov ko‘zga tashlandi.

O‘zbekiston TIV rahbarining ma’ruzasida asosiy e’tibor Afg‘oniston mojarosini hal qilishga qartilgan bo‘lsa, Mirziyoyev bu mavzuni ehtiyotkorlik bilan aylanib o‘tdi. O‘zbekiston prezidenti butun e’tiborni Markaziy Osiyo mintaqasiga qaratdi. Mirziyoyev rus tilida so‘zladi. Eslatib o‘tamiz, rus tili — BMTning rasmiy ish yuritish tillardan biri hisoblanadi. Bu prezidentning tadbir egasiga bo‘lgan hurmat belgisidir, xolos. Tarjimonlar uchun ham muammo kamroq bo‘ladi.

Lekin O‘zbekiston prezidenti bizga yaqin bo‘lgan “O‘rta Osiyo” iborasini emas, xalqaro diplomatiyada qabul qilingan “Markaziy Osiyo mintaqasi” iborasidan foydalandi. Aslida esa, gap G‘arb diplomatiyasida qabul qilingan Markaziy Osiyo haqida emas, aynan biz yaxshi bilgan O‘rta Osiyo (Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston) haqida ketdi.

Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish joizki, “beshlik” orasida strategik hamkorlikni kuchaytirish va gullab yashnayotgan barqaror hudud yaratish istagi, Rossiya manfaatlariga zid emas, aksincha bu faqat olqishlanishi mumkin.

Men Mirziyoyevning ma’ruzasining asosiy mavzusi sifatida demokratiya va xalq hokimiyati g‘oyasiga qilingan murojaatni ta’kidlamoqchiman. Respublika o‘z iqtisodiga sarmoyalar izlayotgani hammaga ma’lum. Afsuski, bugungi kunda ichki siyosatni demokratiyaning liberal standartlariga moslashtirmasdan, globalistlardan pul olishning imkoni yo‘q. O‘zbekiston yetakchisi ushbu masalani nozik yo‘l bilan hal qildi. Bir tomondan O‘zbekistonda inson huquqlari va umuman “gumanitar korzina” bo‘yicha jiddiy siljishlar bo‘lmoqda (chiqish vizalarni bekor qilinishi, inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar bilan aloqalar kengayishi va boshqalar). Ikkinchi tomondan esa, Mirziyoyev uchun xalq hokimiyati degani Amerika demokratiyasidan yoki boshqa “dong‘i ketgan” liberal demokratiyadan o‘rnak olish kerak degani emas.

Mamlakatni o‘zgartirayotgan islohotlar

"Bizning maqsadimiz — yurtimizda xalq hokimiyatini nomiga emas, balki amalda joriy qilish mexanizmlarini mustahkamlashdan iborat", — deb ta’kidladi prezident.

Prezident umumxalq muhokamasidan so‘ng besh yilga mo‘ljallangan O‘zbekistonni rivojlantirish Harakatlar strategiyasi qabul qilinganligi va barcha hududlarda prezidentning virtual va xalq qabulxonalari tashkil etiligini aytib o‘tdi. Shuningdek, hozirgi kunga qadar bir milliondan ortiq fuqarolarning bu qabulxonalar orqali dolzarb muammolarini hal qilganligi ta’kidladi.

Albatta, “demokratiyaning o‘zbekcha uslubi qurishning” barcha tafsilotlari yoritilmadi, lekin ushbu jarayonlarni kuzatib borayotganlar buni tasdiqlashi mumkin, O‘zbekistondagi jarayonlar qalbaki emas. Ular milliy qadriyatlarga va qisman Ittifoq davri urf-odatlariga ham asoslangan. Bunday uslub G‘arb prinsiplariga zid emas va murosalidir.

Agar “g‘arbga zid” yetakchilar Kaddafi yoki Niyozov yaratmoqchi bo‘lgan xalq hukumatiga nazar solsak, ular G‘arb elitasi tomonidan “totalitar” deb nomlandi va biz buning asoratlarning guvohi bo‘ldik. Bu holatda unday bo‘lmaydi.

Yoshlar va islom dini

Mirziyoyevning ma’ruzasida yoshlarga qaratilgan yondoshuv juda qiziqarli. Albatta, BMTda hech kim ushbu taklifga qarshi bo‘lmaydi, lekin tashkilot byurokratlari va turli darjadagi mulozimlari buni imi-jimida “eslaridan chiqarib” yuborishlari mumkin. Chunki rivojlangan mamlakatlar uchun bu — muhim emas. Lekin amaliy jihatdan ushbu tashabbus — o‘zini oqlaydi.

Haqiqatdan ham, bugungi kunda xalqaro terrorchilarning asosiy qismi, 30 yoshdan yosh bo‘lgan va o‘zlarining ijtimoiy holatidan norozi bo‘lganlar tashkil qiladi. Rivojlangan Yevropa mamlakatlardagi teraktlarni deyarli o‘smirlar amalga oshirgan. Shuning uchun ham, yoshlar huquqlari bilan bog‘liq muammolarni, oxir oqibatda, baribir hal qilish kerak bo‘ladi.

Islom dini va uning dunyo hamjamiyati bilan bo‘lgan munosabatlari mavzusini prezident nutqining eng so‘ngida yorqin, lekin andishali ravishda yoritildi. Bundan hech kim hukumat dunyoviy boshqaruvdan diniy boshqaruvga o‘tdi degan fikrga bormaydi.

So‘nggi so‘z o‘rnida shuni aytish mumkin: “Mirziyoyev bilan ”tanishish“ nafaqat muvaffaqiyatli o‘tdi, balkim Shavkat Miromonovich barchaga xush kelishga ham muvaffaq bo‘ldi”.

Manba

Boshqa yangiliklar