Samarqandda «elektron poliklinika» dasturi ish boshladi


Samarqand shahridagi 12-son oilaviy poliklinikada aholini onlayn tarzda elektron ro‘yxatga olish tizimi ya’ni «Elektron poliklinika» dasturi o‘rnatilib, ishga tushirildi, bu haqda SSB matbuot xizmatiga tayanib Kun.uz xabar bergan.

Viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasining «Yagona elektron ro‘yxatga olish va internet tarmoq orqali shifokor qabuliga yozilish «Elektron poliklinika» avtomatlashtirilgan axborot tizimini ishga tushirish to‘g‘risida»gi buyrug‘i asosida ish boshlagan Samarqand shahar 12-son oilaviy poliklinikada bugungi kunda poliklinika hududida yashovchi fuqarolarning yagona tibbiy kartasi yaratilmoqda.

Bu poliklinika hududida yashovchi aholi ro‘yxatdan o‘tib, respublikamizning barcha tibbiyot muassasalaridan o‘zining kasallik varaqalaridan elektron tarzda foydalanish imkoniyatini beradi.

Mazkur «Elektron poliklinika» dasturi orqali endilikda poliklinikada ro‘yxatda turuvchi fuqarolar Sog‘liqni saqlash vazirligining ssv.uz rasmiy veb-sayti orqali poliklinikada faoliyat yuritayotgan shifokorlar qabuliga onlayn tarzda navbat talonini olishlari mumkin.

Yaratilgan bu kabi qulaylik nafaqat shifokorlarimiz, balki fuqarolarimizning ham vaqtlarini behuda yo‘qotmasligini ta’minlaydi.

 
Shuni aytib o‘tish joizki, poliklinikaning kutish zalida o‘rnatilgan monitorlar fuqarolar o‘z navbat tartib raqamini kuzatib turish imkoniyatlari yaratilgan.

Yana bir qulaylik — bemor shifokor qabuliga oldindan navbat olmay kelgan bo‘lsa, poliklinikaning o‘zida elektron tarzda navbatda turadi. Buning uchun har bir tashrif buyuruvchi maxsus o‘rnatilgan qurilma orqali o‘z tartib raqamini olib, monitorda navbati qachon kelishini kuzatib borishi mumkin. Kutish vaqtini foydali tashkil qilish ham e’tibordan chetda qolmadi. Ya’ni poliklinika hududida wi-fi zona tashkil etilgan bo‘lib, navbatini kutayotgan fuqaro bepul internet orqali salomatlikka doir foydali ma’lumotlar bilan tanishib boradi.

Boshqa yangiliklar