Yangiyo‘l tumanida yirik avtomobil avariyasi. Olti kishi hayotdan ko‘z yumdi


Yangiyo‘l tumani hududida 6 nafar shaxsning o‘limiga sabab bo‘lgan yirik yo‘l transport hodisasi sodir bo‘ldi, deya xabar qildi Toshkent viloyati prokuraturasi matbuot xizmati, deb yozadi “Gazeta.uz”.

6 sentyabr kuni Toshkent — Termiz avtomobil yo‘lining 832 kilometrida Nexia avtomashinasi haydovchisi MAN yuk mashinasi bilan to‘qnashuv sodir qilgan. Natijada yuk mashinasi yo‘lning qarama-qarshi yo‘nalishiga chiqib ketib, yana ikkita Nexia avtomashinalari bilan to‘qnashgan.

YTH natijasida 6 kishi, shu jumladan bir nafar voyaga yetmagan voqea joyida vafot etishgan. Yana 6 kishi turli darajada tan jarohatlari olib, shifoxonaga joylashtirilgan.

Voqea joyida favqulotda xizmatlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar ishladi.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati va ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Boshqa yangiliklar